“Keles” temiryo‘l chegara bojxona posti xodimlari Moskva—Andijon yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yukini nazoratdan o‘tkazish chog‘ida Rossiyadan kirib kelgan fuqaro 47 turdagi tovar-moddiy boyliklarni vagon yo‘lovchilariga tarqatib, ularning o‘rindiqlari ostiga yashirgan holda O‘zbekistonga olib kirishga uringanligi fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi O‘zA.
Umumiy vazni 380 kilogramm bo‘lgan dengiz mahsulotlari va ziravorlar, oshxona anjomlari, gaz hisoblagichlar, avtomobil ehtiyot qismlari va aksessuarlari, tyunerlar, kimyoviy modda va boshqa xo‘jalik tovarlarining qiymati 102 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
Mazkur post xodimlari Novosibirsk—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yukini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish vaqtida, yo‘lovchilardan birida umumiy qiymati 20 million so‘mlik 2 530 dona saqich mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi.
“Chuqursoy texnik idora” temiryo‘l chegara bojxona postida bir MChJ nomiga Xitoy davlatidan kelgan konteynerlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 337 million so‘mdan ortiq 411 dona suv nasosi va 1 860 dona buklama pichoq borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)