O‘zA muxbirlari bu savolga javob topish uchun Toshkentda tashkil etilgan maktab yarmarkalarida bo‘ldi.
“Chorsu“ bozorida tashkil etilgan maktab yarmarkasi xaridorlar bilan gavjum. Tadbirkorlar tomonidan tavsiya qilinayotgan o‘quv qurollari, maktab uchun zarur boshqa anjomlar, kiyim-kechaklar narxi bilan qiziqdik.
O‘zimizni tanishtirdik-da, mahsulotlar narxini so‘radik. 12 varaqli daftar 400 so‘m, 48 varaqli daftar 1500 so‘m, rasm daftarlari 2000 so‘m ekan. Sotuvchining gaplariga ishongan edik hamki, shu paytda bizni ham xaridor, deb o‘yladi shekilli, navbat rangli qalamlarga kelganida uning sherigi “besh ming so‘mdan boshlanadi”, dedi. Shunda biz suhbatlashayotgan sotuvchi unga tahdidli ohangda gapga aralashmasligini ta’kidladi.
Angladikki, sotuvchilarimiz ham o‘z ishiga vijdonan yondashayotgani yo‘q. Kim ekanimizni bilgach, hatto aldashga ham urinishmoqda.
Shundan so‘ng boshqa sotuvchilar bilan xaridor kabi muomalaga kirishdik.
Maktab sumkalarining narxini bilishga qiziqdik.
– 65 ming so‘mdan boshlanib, 165 ming so‘mgacha boradi, xohlasangiz bundan ham qimmatrog‘larini ko‘rsataman, Xitoyniki, – dedi bir sotuvchi.
Rasm daftarlarining eng kichigi 4,5, 36 varaqli daftar 1,5, 48 varaqli daftar 1,7 ming so‘m, rangli qalamlarning eng arzoni 10 ming so‘mdan boshlanishini aytishdi.
Ma’lum bo‘ldiki, ota-ona bitta farzandi uchun kerakli o‘quv qurollarining o‘rtacha narxdagisidan oladigan bo‘lsa, taxminan 200 ming so‘mdan oshadi. Unga sumka va kiyim-kechakni ham qo‘shsangiz, kamida 700-800 ming so‘m kerak bo‘ladi.
Sotuvchilar xarid qilganingizda narxi arzoniga uchmaslikni, ular sifatsiz ekanini ko‘p takrorlaydi. Ammo yaroqsiz o‘quv qurollari ishlab chiqarishga bosh bo‘layotgan yoxud chetdan olib kelayotgan tadbirkorlarga nima deysiz?!
Agar bitta farzandingiz maktabga borsa xo‘p-xo‘p, ular ikkita bo‘lsa-chi yoki uchta bola uchun qancha xarajat qilishingizni endi aytmasak ham bilasiz.
O‘quv qurollarining sifatiga kim javobgar?
Har yili 10-avgustdan 10-sentabrgacha tashkil etiladigan maktab yarmarkalarini ham kutmasdan, tadbirkorlar iyul oyidanoq barcha joylarda maktab uchun kerak bo‘ladigan buyumlar savdosini boshlab yuboradi, savdo esa avjiga chiqadi. Nimaiki axtarsangiz, istaganingizdan ham ziyodi bor. Ammo ularning sifati qanday?
Faqat o‘zini o‘ylab, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun ko‘rayotgan ayrim “ustamon tadbirkorlar“ o‘quv qurollarini noqonuniy chop etib, sotuvga chiqarmoqda.
Poytaxtdagi “Abu-Saxiy” savdo majmuasiga ayni masalani o‘rganish uchun bordik. Sotuvchilarning aytishicha, maktab sumkalari Xitoyniki va o‘zimizning tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan sumkalarga bo‘linadi. O‘zimizniki ham yomon emas. Shunga qarab ularning narxi va sifatida ham farq bordir, deb o‘ylaysiz. Ammo ularning narxida deyarli farq yo‘q. Xaridorlar esa taklif qilinayotgan mahsulotning ko‘pligidan uning qay biri qayerniki yoki sifatliroq ekanini ajrata olmaydi ham. Bundan noqonuniy ishlab chiqaruvchilar unumli foydalanmoqda.
Ba’zi “ishbilarmon” yurtdoshlarimiz go‘yo o‘zini tadbirkor sanab, sifatsiz, lekin puli “otning kallasiday” mahsulotlar tayyorlashga kirishadi yoki turli aylanma yo‘llar bilan bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qilib, ta’lim standartlariga mos kelmaydigan matbaa mahsulotlari bilan bozorlarni to‘ldiradi.
Amaldagi qonun hujjatlariga chap berayotgan bu kabi “tadbirkorlar“ faoliyatini tartibga solish, ularga nisbatan keskin ta’sir yo‘llarini qo‘llash, ushbu muammo bevosita kelajagimiz egalari taqdiri, ularning ertangi kuni bilan bog‘liq ekani hisobga olinib choralar ko‘rilayotir. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Bosh prokuratura, Davlat bojxona va soliq qo‘mitalari, “O‘zstandart” agentligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va boshqa tashkilotlar mazkur muammoni bartaraf etishda hamkorlikda faoliyat yuritishi muhimdir.
Yarmarka aholi uchun qulaymi?
– O‘tgan yili “Chilonzor” buyum bozorida tashkil etilgan maktab bozori yarmarkasidan farzandim uchun turli o‘quv qurollari olish uchun bordim, – deydi Mohira Xidirova. – Sotuvchilarning har biri arzon narxlarda hisob-kitob qilishini aytib, chaqira boshladi. Ularda bir xil narsaning narxi har xil. Boshida o‘zim ham tushunmay juda ikkilandim. Har birida narxlar har xil, ammo hisoblaganda deyarli bir xil summa kelib chiqdi. Shunday ekan, ularga xaridorni har tomonga tortqilab, chalg‘itishning nima keragi bor. Mayli, bunga ham chidadim. O‘quv qurollarini deyarli to‘liq sotib oldim. Ammo... Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Shirin” bozori ichida bir kichik kanselyariya mollarini sotadigan do‘koncha bor. Odatda yil davomida shu do‘kondan xarid qilamiz. Maktab bozoridan sotib olgan o‘quv qurollarini ro‘yxat qildimu shu do‘konga bordim. Hisoblatsam, maktab bozoridan arzonroq ekan. O‘ylab qoldim, maktab yarmarkalari nima uchun kerak?
Mas’ul tashkilotlar ma’lum qiladi
Xalq ta’limi vazirligidan maktab yarmarkalarida mahsulotlar narx-navosining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum qilinmoqda.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechak va poyabzallar bilan ta’minlash va ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10-avgustidan 10-sentabrigacha respublikada jami 1 ming 325 ta maktab yarmarkasi faoliyat yuritadi.
Maktab yarmarkalarining 931 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 293 tasi bozorlar va ular atroflarida, 528 tasi yirik savdo komplekslari, do‘konlar va aholi gavjum joylarda tashkil qilingan.
Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zarur o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.
Izoh (0)