Chexiya armiyasi qo‘mondonligi Afg‘onistonda o‘ldirilgan uch harbiy xizmatchisiga qarshi uyushtirilgan hujum tashkilotchilarini topish va ularni mahalliy sudda javobgarlikka tortishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 10-avgust, juma kuni Chexiya armiyasi bosh shtabi rahbari, general-leytenant Alesh Opata ma’lum qildi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
5-avgust, yakshanba kuni mamlakat mudofaa vazirligi vakili shu kuni ertalab Bagram aviabazasi atrofida xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgan portlash oqibatida uch harbiy xizmatchining halok bo‘lgani haqida xabar qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lganlar (36 yoshli Martin Marsin, 28 yoshli Kamil Benesh va 25 yoshli Patrik Shtepanek) NATOning “Dadil yordam” missiyasining chex bo‘linmasi tarkibida xizmat qilgan. Missiya Afg‘onistonning hukumat qo‘shinlariga “Tolibon” harakati jangarilariga qarshi kurashishga yordam berish uchun tuzilgan. Keyinroq “Tolibon” jangarilari aviabaza yaqinida sodir etilgan portlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
– Chex armiyasi o‘zining uch harbiy xizmatchisi uchun o‘ch oladi, – deya Opata hukumat televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qilgan, – Ittifoqchi mamlakatlar armiyasidagi hamkorlarimiz yordamida biz hujum tashkilotchilarini aniqlash va ularni afg‘on sudiga topshirish niyatidamiz. Biz bu mamlakatdagi chex harbiylarini o‘ldirishga yo‘l qo‘ymaymiz.
Generalning so‘zlariga qaraganda, 3 askarning o‘limidan keyin ham chex armiyasi xizmatchilari mamlakatni tark etmagan. Harbiylar bo‘lib o‘tgan fojiaga qaramasdan, mamlakatda qolish va oktabr o‘rtalariga qadar davom etadigan missiya doirasida o‘zining vazifalarini bajarishga qaror qilgan.
Praga shahar ma’muriyati halok bo‘lgan harbiylar 28-oktabr – Chexoslovakiya mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan “Qahramonlik uchun” medallari bilan taqdirlanishi haqida ma’lum qilgan.
9-avgust, juma kuni Birdamlik harbiy fondi brigada generali Lenka Shmerdova jurnalistlarga chex fuqarolari halok bo‘lgan harbiylarning oilalari uchun bir hafta ichida 186 ming dollar to‘plagani haqida xabar qilgan.
Afg‘onistonda shu vaqtga qadar 13 nafar chex harbiylari halok bo‘lgan.
Izoh (0)