Rossiya Oliy sudi apellyatsiya kollegiyasi Telegram messenjerining avvalroq ushbu sud tomonidan qabul qilingan, Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining idoraga foydalanuvchilarning elektron xabarlarini rashifrovka qilish uchun kalitlarni taqdim etish jarayonini belgilovchi buyrug‘ining qonuniyligi haqidagi qaror yuzasidan shikoyatini rad etdi, deb yozadi “TASS”.

Foto: Reuters

Sud hozircha faqat qarorning rezolyutiv qismini o‘qib eshittirdi, uning sabablari noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Telegram vakili Ramil Axmedgaliyev suddan FXX buyrug‘ini messenjer foydalanuvchilarining huquqlarini buzuvchi deb e’tirof etishni so‘radi. “Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha jamoat manfaatlari va yozishmalar maxfiyligiga rioya qilish bo‘yicha shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvi mavjud, FXX esa bu muvozanatni buzmoqda”, — dedi huquqshunos.

Rossiya aprel oyida o‘z hududida Telegram’ni blokashga kirishgan edi. 8-may kuni esa Telegram Rossiya Oliy sudi apellyatsiya kollegiyasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. 9-avgust kuni aynan u rad etildi. “Ya’ni yuridik jihatdan Rossiyada messenjerni bloklash haqidagi ish bo‘yicha nuqta qo‘yildi. Bundan buyog‘i faqat Yevropa sudi”, — deb yozadi “MK.ru”.