Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi yana ko‘tarildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.

Foto: Sputnik

“To‘ylar xalq hayotiga shu qadar chuqur singib ketgan qadriyatki, bu masalada yagona to‘xtamga kelish, uni ixchamlashtirish masalasi hali ham kun tartibidan tushgani yo‘q. Bu borada shu paytga qadar biror bir hujjatning qabul qilinmaganini ba’zi odamlar to‘g‘ri tushunmayapti. Davlat rahbari bu borada xalq o‘zi ongli ravishda tushunib, to‘g‘ri qarorga kelishi haqida ko‘p bora ta’kidlamoqda”, — dedi qo‘mita raisi Iqbol Mirzo.

Senator bu masalaga to‘xtalar ekan, Toshkent shahrining Olmazor tumani namuna sifatida o‘rganilayotgan bo‘lsada, u yerda ham ko‘zbo‘yamachilik holati kuzatilayotganiga urg‘u berdi.

“Olmazor tumani namuna sifatida o‘rganilyapti. Ammo shu masalada ham yana ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yyapmiz. Mahalla raislari o‘zi asli 50,60 kishilik to‘y qilishga sharoiti bor va shundan kelib chiqib ixchamgina to‘y o‘tkazayotgan odamlarni namuna qilib, ularni gapiryapti. Yo‘q, bu bilan ish bitmaydi. Biz ko‘proq isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotganlar, nikohni o‘ziga xos shoularga aylantirayotganlar bilan ishlashni o‘rganishimiz, aynan ularga tushuntirishimiz kerak. Qo‘mitaning bu boradagi faoliyati to‘xtagani yo‘q. Fikrlarni, munosabatlarni o‘rganyapmiz”, deya ta’kidlagan senator.