2018-yil boshida bir guruh shaxslar Toshkentda bankomatni buzib, ichidagi pullarni o‘g‘irlab, so‘ng qurilmaning o‘zini jarga uloqtirgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. O‘zAning xabar berishicha, kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida shu jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentda yashovchi uch yigit 2017-yil 31-dekabr kuni tongda Shayxontohur tumanidagi Olive restorani oldiga kelib, u yerdagi “Kapitalbank”ning salkam 29 million so‘mlik bankomati ichidagi 848 ming so‘m pulni o‘g‘irlagan.
Ko‘p o‘tmay, ular 2018-yilning yanvar oyi boshida Olmazor tumani Qorasaroy ko‘chasi “Qorasaroy” avtobus bekatidagi qiymati 24 million so‘mlik bankomatni mashinaga ortib, qochishadi. Bankomatdagi 4,4 million so‘mni o‘zaro bo‘lishib, qurilmaning o‘zini Chilonzordagi kanalga tashlab yuborishadi.
“Sud majlisida guvohlarning ko‘rsatmalari eshitildi. Hujjatlar o‘rganilib, to‘plangan dalillar yana bir bor ko‘zdan kechirildi. Jinoyat isbotini topdi. Ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi”, — deyiladi O‘zA axborotida.
Biroq sudlanuvchilarga aynan qanday jazo tayinlanganiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)