Marinika Babanazarovaning Nukusdagi Savitskiy muzeyi rahbari lavozimiga qayta tiklanishi masalasi muzeyda bo‘lib o‘tayotgan hatlov yakunlaridan so‘ng o‘z yechimini topishi mumkin. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, Sputnik ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev qabulida bo‘lgan bir necha fuqaro Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining sobiq rahbarini qayta lavozimga tayinlash taklifi bilan kelgan.
Vazir ular bilan suhbatda hozirgi kunda barcha muzeylarda inventarizatsiya ishlari amalga oshirilayotgani, hatlov yakunlangandan so‘ng bu masala belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Marinika Babanazarova 2015-yilning iyul oyida qariyb 32 yillik faoliyatidan so‘ng Savitskiy muzeyi rahbari lavozimidan bo‘shatilgandi.