Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentning “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qarorda quyidagilar taklif qilindi:
- pensiyalarni eng kam ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha teng miqdorda oshirish, bu tartibni avval tayinlangan pensiyalarga ham tatbiq etish;
- erkaklar uchun 35 yil, ayollar uchun 30 yil mehnat stajidan keyin ishlagan har bir yili uchun eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida ustama to‘lash;
- 54 yoshidan pensiyaga chiqish huquqi bo‘lgan ayollar umumiy belgilangan yoshda pensiya rasmiylashtirgan taqdirda ularga eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida ustama belgilash;
- zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan keksalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga to‘lanayotgan nafaqa singari, III guruh nogironlari uchun ham nafaqa tayinlash;
- zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga davlat pensiyalarini hisoblashda stajning har bir yetishmayotgan oyi uchun sug‘urta badallari summasini bir martalik tartibda to‘lash;
- ishlovchi er (xotin)ning daromadlari hisobidan ishlamayotgan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda har bir oy uchun eng kam oylik ish haqi miqdorida sug‘urta badallari to‘lash;
- jismoniy shaxslarning jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga o‘tkazib boriladigan mablag‘lar hisobidan oraliq bonusli pullik to‘lovlar sxemalarini qo‘llash.
- pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal staj davomiyligini 2020-yildan boshlab bir yildan oshirib, talab etilgan eng kam ish stajini 10 yilga yetkazish;
- bosqichma-bosqich pensiya yoshini oshirish.