Tojikiston madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda rahbarligidagi Do‘stlik delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi 1—4-avgust kunlari kunlari davom etadi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.
Tomonlar o‘zaro munosabatlarning hozirgi holati va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Tojikiston prezidenti Ijro apparati tashqi aloqalar boshqarmasi rahbari G‘ulomjon Jo‘rayev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo aylanmalari 10 karra oshganini maʼlum qildi.
— O‘zbekiston Tojikiston uchun yirik savdo hamkori bo‘lib kelgan, — deydi G‘ulomjon Jo‘rayev. — Ammo “muzlik davri” tufayli o‘rtamizdagi savdo aylanmalari 0 ga tushib qolgan edi. Lekin agar ikki-uch yil oldin savdo aylanmasi bor-yo‘g‘i 12 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 126 million dollarni tashkil qildi, 2018-yilning birinchi olti oyida esa 128 millionga teng bo‘ldi. Savdo aylanmasi 10 karra oshdi.
Jo‘rayevning aytishicha, 2018-yilning birinchi yarmida 700 ming o‘zbekistonlik Tojikistonga kelgan va yana shuncha tojikistonlik O‘zbekistonga borgan.
Tojikiston parlamenti qo‘mita raisi Lutfiya Rajabboyeva ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik “katta istiqbolga ega” ekanini ta’kidlagan.
— Ilm-fan sohasi haqida gapirmoqchi edim, — deydi Lutfiya Rajabboyeva. — Ilgarilari biz O‘zbekiston bilan ushbu sohada yaqindan hamkorlik qilganmiz. Jumladan, men Toshkentda o‘tkazilgan konferensiyalarda ko‘p marotaba ishtirok etganman. Ammo, afsuski, oxirgi yillarda bunday anjumanlarda ishtirok etmadik.
Lutfiya Rajabboyeva hozirgi vaqtga kelib ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ko‘plab kelishuvlar imzolanganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, kelishuvlar asosida o‘zbekistonlik talabalar Tojikistonda va o‘z navbatida tojikistonlik talabalar O‘zbekistonda tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, o‘qituvchilar ham o‘zaro tajriba almashadi.
Izoh (0)