Namangan viloyati hududidan o‘tgan Katta Farg‘ona kanali vodiydagi eng yirik gidrotexnik inshootlardan biridir. Mazkur kanal O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududidagi 500 ming gektar sug‘oriladigan yerlarni sug‘orishda katta ahamiyatga ega. Ayni paytda kanal havzasida ikkita gidroelektr stansiyasi barpo etilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zA.
Suv xo‘jaligi va energetika obyektlari qurilishida katta tajriba to‘plagan “Topalang HPD BULDING” MChJ bunyodkorlari Xitoy bilan hamkorlikda kanalning Uchqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan qismida GES qurilishini boshladi.
“Loyiha qiymati 26 million dollarga yaqin ushbu obyekt bugungi kunda O‘zbekistonda bunyod etilayotgan gidroenergetika inshootlari orasida alohida o‘rin tutadi, — deydi mazkur MChJ bosh muhandisi O.Jo‘rayev. — Stansiyalarning har biri 6 MVt quvvatga ega bo‘lib, yiliga 72,8 million KVt soat elektr quvvati ishlab chiqaradi”.
O‘tgan davr mobaynida obyektda 45 milliard so‘mlik ish bajarildi. To‘rt yarim kilometrli yangi kanal o‘zani barpo etildi. GESlar aynan mana shu tarmoqda qad ko‘taradi. Ayni paytda bo‘lajak stansiyalar binolari qurilmoqda. Dekabr oyi oxirida turbinalar ham montaj qilib bo‘linadi. Kelgusi yilning birinchi choragida sozlash ishlari olib boriladi va Navro‘z bayrami arafasida iste’molchilarga dastlabki elektr quvvati yetkazib beriladi.
Ayni paytda qurilish maydonlarida ikki smenada ish tashkil qilingan. 15 ekskavator, buldozer va boshqa texnika hamda mexanizmlar, 20 dan ortiq transport vositasi tunu kun ishlamoqda.
Izoh (0)