30-iyul, dushanba kuni Prezident “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi. Qonun matni “Xalq so‘zi” tomonidan e’lon qilindi.
Qonunga muvofiq, ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangan O‘zbekiston va chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.Shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan, bu haqda tegishli davlat organlariga xabar bergan hamda og‘ir oqibatlar yuzaga kelishining va ekstremistlarning maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etiladi.
Ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangan tashkilotlar tugatiladi, ularning faoliyati esa taqiqlanadi. Tashkilotni tugatish sudning qarori asosida amalga oshiriladi. Ekstremistik deb topilgan tashkilot tugatilganda unga tegishli mol-mulk musodara qilinadi hamda davlat mulkiga o‘tkaziladi.
Tashkilotni ekstremistik deb topish sud tartibida amalga oshiriladi. Tashkilot, agar uning tarkibiy tuzilmalaridan hech bo‘lmasa bittasi (bo‘linmasi, filiali va vakolatxonasi) ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan bo‘lsa, ekstremistik deb topiladi.Tashkilotni ekstremistik deb topish to‘g‘risidagi ariza Bosh prokuror tomonidan Oliy sudga beriladi.
Izoh (0)