“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 29-iyuldan “Haj-2018” dasturi doirasida parvozlarni boshladi. Bu haqda MAK matbuot xizmati “Daryo”ga xabar bermoqda.
Ziyoratchilar “Katta haj”ni amalga oshirish uchun Saudiya Arabistonining Madina shahriga 2018-yilning 13-avgustiga qadar Boeing-767 havo laynerlarida parvoz qilishi mumkin.
Aviakompaniya bir necha yillardan buyon haj maskanlariga respublika aeroportlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Dasturga muvofiq, Toshkent, Namangan, Samarqand, Qarshi va Buxoro shahar aeroportlaridan 7200 nafar ziyoratchini yetkazish uchun mo‘ljallangan 32 ta qatnov amalga oshiriladi. Respublika aeroportlari hamda MAK samolyotlari bortlarida yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Aerovokzallarda namoz uchun alohida ibodat va tahorat xonalari mavjud. Maxsus ishchi guruhi ziyoratchilarga qatnovni ro‘yxatdan o‘tkazishga va bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam beradi. Uchish zallarida ularga yengil nonushta, samolyot bortida esa Ketring korxonasining maxsus taomnomasi asosida tayyorlangan sifatli va mazali taomlar taqdim etiladi.
Ziyoratchilarni O‘zbekistonga qaytarish 27-avgustdan 14-sentabrgacha Jidda shahridan amalga oshiriladi.
Izoh (0)