Jurnalist Inna Akkermansevaning “Daryo” surishtiruvi: Toshkentda paydo bo‘lgan “Fin yarmarkasi”da Rossiya tovarlari o‘rniga Xitoy mahsulotlari sotildi” sarlavhali maqolasi saytimizda e’lon qilingan edi.
Quyida maqolaning mantiqiy davomi bo‘lgan va voqealarning keyingi rivojiga bag‘ishlangan ikkinchi qismi e’tiboringizga havola qilinadi.
“Fin yarmarkalari” mavzusi ko‘tarilganiga bir oydan oshdi. Maqolada ko‘tarilgan masalalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortishi, biror aytarli natija berishi kerak edi. Biroq, firibgarlar qo‘lga olingandan bir-ikki hafta o‘tib yana ozodlikka qo‘yib yuborildi. Natijada hammasi yana boshidan boshlandi…
25-iyul kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanining aholi gavjum yerlari yana e’lonlarga to‘lib ketdi. Bu safar “toza charm mahsulotlari” savdosi 27-iyul kuni tumanning 26-dahasida joylashgan Roots supermarketida bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan.
“Finn yarmarka”lariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilinganidan keyin Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining konsullik bo‘limi Sankt-Peterburgning bojxona organlari bilan bog‘landi va ulardan kelgan rasmiy javob xatini “Daryo” tahririyatiga taqdim qildi.
“Rossiya mutasaddi organlarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, huquqiy-normativ me’yorlar musodara qilingan mol-mulkni Rossiya Federatsiyasidan tashqarida sotishni nazarda tutmaydi.
Rossiya Federatsiyasi mulkiga aylantirilgan mol-mulkni sotish faqatgina internet tarmog‘idagi davlat shartnoma tuzgan maxsus savdo maydonchalari operatorlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Federatsiya mulkiga aylantirilgan tovarlar savdosi haqida rasmiy saytda ma’lumot beriladi.
Shuningdek, o‘quvchilarga shuni eslatib o‘tmoqchimizki, Rossiya davlat organlarining O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risidagi eng xolis axborot ularning rasmiy saytlari yoki Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi saytida e’lon qilinadi”.
Shunday ekan, ko‘cha-ko‘yda xorijdan keltirilgan tovarlar savdosi bo‘layotgani haqidagi turli e’lonlarga nisbatan hushyor bo‘lish talab qilinadi. Iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz toptalgan taqdirda shu zahoti tegishli davlat organlarini xabardor qiling.
Izoh (0)