KXDR Koreya yarimorolida urush yillarida halok bo‘lgan amerikalik askarlarning qoldiqlarini 27-iyul, juma kuni AQShga topshirishi kutilmoqda. Bu haqda Yonhap agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, avvalroq AQSh KXDRga 100 ga yaqin yog‘och quti yuborgan. Askarlar qoldiqlari aynan shu qutilarda yuborilishi rejalashtirilgan.
Pentagon ma’lumotlariga qaraganda, Koreya urushida (1950—1953-yillar) 36,6 ming amerikalik halok bo‘lgan. Jumladan, 7,7 ming amerikalik hozirgacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 5,3 mingga yaqin askarlarning qoldiqlari taxminan KXDR hududida qolib ketgan. 1996—2006-yillar oralig‘ida KXDR 229 ta harbiy xizmatchining qoldiqlarini AQShga yuborgan. So‘nggi marta Pxenyan 2007-yili 6 nafar amerikalik harbiyning qoldiqlarini berishga rozilik bildirgan. Buning uchun AQSh prezidentligiga demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan va Nyu-Meksiko shtatining gubernatori lavozimida ishlagan Bill Richardson KXDRga borgan.
Izoh (0)