Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi “Sharifboy Shohjahon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi parrandachilik bilan shug‘ullanadi. Xo‘jalikda o‘tgan yil sentabr oyidan boshlab agroturizm yo‘nalishidagi loyihalar tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda, deb yozadi O‘zA.
– 2017-yil sentabr oyida Farg‘ona viloyatidagi oilaviy korxonalardan birida parvarishlanayotgan tuyaqushlardan 12 bosh keltirdik va agroturistik maskan tashkil qildik, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ilhom Vafoyev. — Bugungi kunga kelib bu jonivorlarni tomosha qilishga qiziquvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ko‘payib qoldi. Bu qushlar issiq iqlimga moslashgan, shu sababli bizning tabiatimiz ham ularning yashashi va ko‘payishi uchun qulay hisoblanadi. Tuyaqush — o‘txo‘r jonzot. Ularni beda, yem va boshqa zarur ozuqalar bilan parvarishlamoqdamiz.
Tuyaqushlar 3–4 yilda 120–150 kilogramm tosh bosadi. Tuman hokimligi vakillari fermerning bu loyihasini kelib ko‘rdi va 2 gektar yer maydoni ajratishda amaliy yordam berdi. Bu maydonda tuyaqushni saqlash xonalari qurish hamda ozuqa ekinlari yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda tuyaqush, bedana va kurka boqilayotgan xo‘jalikda qushlarning turini yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.
Izoh (0)