Har bir ilmiy ishga mahsulot sifatida qaralishi va uning xaridori bo‘lishi lozim, dedi O‘zbekiston prezidenti 20-iyul kuni Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrifi doirasida FA va ilmiy tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan muloqotida. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Mamlakat rahbari oxirgi vaqtlarda ilm-fan iqtisodiyotning real ehtiyojlaridan uzoqlashib ketganligini ma’lum qildi.
“Moliyalashtirilmaganligi uchun o‘nlab ilmiy institutlar yopilgan. Ishda rag‘batlantirishning yo‘qligi iqtidorli, kelajagi bor olimlarning chetga chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu bilan nimaga erishdik?! Ilmiy izlanishlarning birorta ham yorqin natijasi yo‘q. Avtomobillar ishlab chiqarishimiz bilan faxrlanamiz, aslida esa ularni yig‘ish bilan shug‘ullanamiz. Birinchi avtomobil zavodi 20 yildan ortiq vaqt avval qurilgan, biroq hozirgacha ehtiyot qismlarini chetdan xarid qilamiz. Nega yoshlar ilm yo‘lidan ketmayapti?” — deydi prezident.
“O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, olimlarimizning bor-yo‘g‘i 43 ta ilmiy ishlari natijalarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari mavjud. Ilmiy yangilik biror bir sohaga iqtisodiy naf keltirmasa, yoki real ehtiyojlardan kelib chiqib amalga oshirilmasa, ularning nima keragi bor? Qachongacha o‘zimizda shuncha salohiyat bo‘la turib oddiy ehtiyot qismlarini chet eldan import qilamiz? 14 milliard dollar import kelayapti. Mana bizning rezervimiz. Shu pullarni sizlarga beraylik”, — deya olimlarga yuzlandi Shavkat Mirziyoyev.
“Iqtisodiyotning real sektori korxonalari hadeb import qilavermasdan, o‘z mablag‘larining bir qismini ilmiy izlanishlarga yo‘naltirishga panja ortidan qarab kelmoqda. Agar olimlarimizga yetarlicha sharoitlarni yaratib bersak, ular import o‘rnini bosuvchi texnologiyalarni o‘zimizda yaratib bera oladilarmi? Men bunga ishonaman — qila oladilar”, — dedi prezident.
O‘zbekiston davlat rahbarining ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda mamlakat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga olib borilgan ilmiy amaliy izlanishlar natijalari bo‘yicha 700 dan ortiq ilmiy ish natijalariga patent olingan. Biroq ularning atigi 18 tasi (0,5 foizi) amaliyotga joriy etilgan.
Izoh (0)