Oq Uy Donald Tramp va xorijiy davlatlar prezidentlari o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘iroqlari haqida hisobot berish tartibini bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda, CNN’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Avvallari oliy darajadagi telefon qo‘ng‘iroqlaridan keyin qisqa rasmiy bayonotlar berilgan. Bayonotda qo‘ng‘iroq amalga oshirilgani to‘g‘risidagi xabardan tashqari, suhbat davomida muhokama qilingan asosiy mavzular aytib o‘tilgan.
CNN’ning ma’lum qilishicha, iyun oyining o‘rtalarida Oq Uy Trampning Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘yicha hisobot berganidan keyin hech qanday bayonot e’lon qilmagan. Telefon orqali Tramp Orbanni qayta saylangani bilan tabriklagan.
Telekanal ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi ikki hafta davomida Tramp kamida ikkita mamlakat yetakchisi (Turkiya prezidenti va Isroil bosh vaziri) bilan telefon orqali muloqot qilgan. Telefon qo‘ng‘iroqlari haqida xorij OAV xabar topganidan keyin ma’lumot Oq Uy vakillari tomonidan ham tasdiqlangan. Biroq shundan keyin ham AQSh telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘yicha rasmiy bayonot e’lon qilmagan va bu borada ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Oq Uy AQSh prezidentining telefon qo‘ng‘iroqlari bayonotlarini e’lon qilishni to‘xtatishi vaqtinchalikmi yoki yo‘q — hozircha bu haqda hech qanday ma’lumot berilmagan. Shunga qaramasdan, bunday muloqotlar haqidagi hisobotlar Oq Uy va boshqa davlat idoralari xodimlari o‘rtasida ichki foydalanish uchun tarqatiladi.
Izoh (0)