AQSh prezidentining qizi Ivanka Tramp o‘z kiyim-kechak brendining yopilishi va bundan keyin o‘zini davlat rahbarining maxsus maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishga bag‘ishlamoqchi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg’ga tayanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
“Qachondir tadbirkorlikka qaytamanmi yo‘qmi — bilmayman. Shuni aniq ayta olamanki, yaqin kelajakda bor vaqtimni Vashingtondagi ishimga bag‘ishlayman, bu mening jamoam va hamkorlarimga nisbatan eng adolatli qaror bo‘ladi”, — deya Ivanka Tramp ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidentining qizi 2007-yili o‘z brendiga asos solgan. U kiyim-kechak, oyoq kiyim, sumka va taqinchoqlar ishlab chiqargan.
2017-yili mart oyining so‘ngida Ivanka Tramp rasman davlat xizmatchisi bo‘lishi va Oq uyda beg‘araz asosda ishlashi ma’lum qilingan. Uning lavozimi — prezidentning maxsus maslahatchisi.
Izoh (0)