Denov shahridagi Said otaliq madrasasi XVI asrda Xo‘ja Alouddin Attorga atab bunyod etilgan. Bu ulug‘ zot xalq orasida Shayx Attori Valiy nomi bilan shuhrat qozongan. Alouddin Attor Bahouddin Naqshbandiyning kuyovi bo‘lib, tariqat ta’limotini keng yoyish maqsadida Denovga ko‘chib kelgan va shu yerda vafot etgan. Manbalarga ko‘ra, madrasa u kishining o‘g‘illari va nevaralari tomonidan 26 yil davomida qurilgan, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
O‘ziga xos loyiha asosida qurilgan madrasa asrlar davomida ma’rifat maskani sifatida o‘zbek xalqiga xizmat qilgan. Afsuski, bu muqaddas maskan bugun mutasaddilarning e’tiboriga muhtoj.
U kundan kunga nurab, vayronaga aylanmoqda. Garchi so‘nggi yillarda maqbara bir necha bor naridan-beri ta’mirlangan bo‘lsa-da, to‘la rekonstruksiya qilinmagan. Natijada inshootning ayrim qismlari nurab, yoriqlar paydo bo‘lgan.
Madrasaning birinchi qavatidagi hujralarning barchasi tadbirkorlarga ijaraga berilgan bo‘lib, undan omborxona sifatida foydalanilmoqda. Hattoki, ayrim hujralar maskansiz kimsalarga qo‘nalg‘a vazifasini ham o‘tayotgani achinarli.
Maqbaraning bugungi ahvolini quyidagi suratlar ham ko‘rsatib turibdi.
Izoh (0)