Jahongir Shirinov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Taraqqiyotning bugungi yangi bosqichida davlat idoralari xodimlari, mansabdor shaxslar zimmasiga zamonga monand vazifalar yuklanmoqda. Ayni paytda ularga shunga yarasha katta ishonch ham bildirilayotgani bejiz emas, albatta. Zero yurt taraqqiyoti, xalq farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsadlar ko‘zlangan holda shunday ish tutilyapti. Ko‘plab rahbar xodimlar ana shu ishonch tufayli jonini jabborga berib, astoydil mehnat qilyapti, desam yanglishmayman. So‘nggi ikki yil ichida hammaning ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan asrga tatigulik o‘zgarishlar fikrimni tasdiqlaydi.
Ammo, achchiq bo‘lsa-da tan olish kerak, bugungi islohotlar mohiyatini anglamagan, egallab turgan lavozimidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanib qolish uchun vakolatlarini suiiste’mol qilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Jamiyatni tanazzulga olib boradigan jirkanch illat — korrupsiyaga aralashib qolayotgan rahbarlar kimlar? Mudom bu savolga javob izlar ekansan tanti xalqimiz, Prezidentimiz ishonch bildirgan ayrim yuqori lavozimdagi amaldrolarning poraxo‘rlik va korrupsiyaga aralashib qolayotganidan yoqa ushlaysan kishi.
Xo‘sh, nega shunday bo‘lyapti? Nima, ular korrupsiya uchun jazo muqarrarligini bilishmaydimi? Yoki qonunlarimiz mo‘rtmi?
Keling, shu o‘rinda bir mulohaza qilib ko‘raylik.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada qat’iy pozitsiya belgilandi. Davlatimiz rahbarining Prezident sifatida imzolagan ilk qonun ham aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgani bejiz emas. Bundan tashqari, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi,“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar ham bevosita jamiyatimizda korrupsiyaga chek qo‘yish, tamagirlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga barham berishni nazarda tutadi.
Yana bir muhim omil shuki, yurtimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasi isloh qilinmoqda. Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘li bilan mansabdor shaxslarning davlat xizmatidan foydalanuvchilar bilan bevosita aloqaga kirishini qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.
Biroq korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat davlat nazoratini o‘rnatish bilan masala hal bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Chunonchi, muayyan davlat organi ustidan nazoratni faqatgina yana boshqa bir davlat organi emas, balki bevosita jamoatchilikning o‘zi ham olib borishi ko‘proq samara beradi, deb o‘ylayman.
Tan olish kerak, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining xatti-harakati keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilib borilmoqda. Masalan, aynan internetdagi muhokamalar tufayli Sirdaryo, Andijon va boshqa ayrim viloyatlardagi yuqori mansabdorlarning qonunga zid xatti-harakati jamoatchilikka oshkor bo‘ldi.
Jamoatchilik nazorati, albatta, faqat muayyan mansabdor shaxsning ommaviy tarzda sodir etadigan xatti-harakatini muhokama qilishdan iborat emas. Bu borada mansabdor shaxslarning ko‘zga ko‘rinmaydigan, qonunga xilof ishlarini fosh etishga qodir bo‘lgan professional nodavlat notijorat tashkilotlarining ham ishtiroki muhim. Ular nafaqat aholi o‘rtasida targ‘ibot olib borishi, balki chuqur tahlillari orqali “yashirin iqtisodiyot” va “korrupsiya”ni ochib berishi, uning oldini olishda har tomonlama ko‘maklashishi zarur.
2018 yilda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishning 8 ta shakli belgilab qo‘yilgan. Ammo jamoatchilik nazoratining asosiy subyektlari bo‘lmish nodavlat notijorat tashkilotlari qonuniy vakolati bo‘lsa-da, “davlat organlariga so‘rovlar”, “davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish”, “Jamoatchilik monitoringi” kabi nazorat shakllaridan samarali foydalanmayapti. Ehtimol, ularning bu boradagi faolligi sustligiga boshqa omillar sabab bo‘layotgandir?
Nazarimda, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash uchun ustav maqsadlari doirasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganda soliq imtiyozlari berish, kerak bo‘lsa, mahalliy byujetlardan ham har yili mablag‘ ajratilishini qonuniy mustahkamlash har tomonlama foydalidir.
Yana bir muhim jihat. Endilikda deputatlik korpusi tomonidan ijro hokimiyati ustidan lozim darajada vakillik nazorati yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir. Shunda hokimlarning xalq vakillari oldidagi hisobdorligi amalda ta’minlanadi, har xil korrupsion faoliyatlarning oldi olinadi.
Aslida ijro hokimiyatining xalq vakillari oldida hisobdorligini ta’minlash maqsadida 2015 yil 9 iyunda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini xalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitishni nazarda tutuvchi yangi 251-modda kiritilgan edi. Shunga ko‘ra, hududiy vakillik organlarida mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlarini doimiy ravishda eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Biroq shunga qaramay, hali-hanuz xalq deputatlari Kengashi deputatlari ijro hokimiyatidan to‘la mustaqil, deya olmaymiz. Oddiy misol, bugungi kunda sessiyalar oralig‘ida deputatni javobgarlikka tortishga ruxsat xalq deputatlari Kengashi rahbari – hokim tomonidan berilmoqda. Bunday sharoitda hokim ustidan deputatlik nazorati haqida gapirishning o‘zi ortiqcha.
Masalan, 2015-2017-yillar davomida respublikada xalq deputatlari mahalliy kengashlarining ayrim deputatlariga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoni qo‘llashga so‘ralgan roziliklarning 60 foiziga sessiyalar oralig‘ida kengash rahbari – hokimlar tomonidan ruxsat berilgan.
Shu sababli, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga o‘zgartirish kiritish, bunda deputatni javobgarlikka tortishga ruxsat berish masalasini faqat sessiyalarda ko‘rib chiqish lozimligini mustahkamlab qo‘yish zarur.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ko‘tarilgan “hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organi rahbari sifatidagi maqomini bekor qilish” masalasini esa tezroq hal etish maqsadga muvofiqdir.
Izoh (0)