O‘zbekiston normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portaliga Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining 2021-yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi umumiy muhokama uchun qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Vazirlik matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, ushbu farmon loyihasining asosiy maqsadi — respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda barcha mavjud imkoniyat va salohiyatni chuqur tizimli tahlil qilgan holda iqtisodiyotning innovatsion rivojlanish yo‘lida ilg‘or xorijiy tajribalar, mamlakat va jahon ilm-fanining zamonaviy yutuqlarini keng joriy etilishini ta’minlashdir.
Shuningdek, xalqaro Global Innovatsion Indeks ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonni 2030-yilda yetakchi 50 ta davlatlar qatoriga qo‘shilishi ham Innovatsion rivojlanish strategiyasining bosh maqsadlaridan biri, deb belgilangan.
Ta’kidlash joizki, 2015-yili O‘zbekiston saksonga yaqin ko‘rsatkichlar bilan baholanadigan Global Innovatsion Indeks ko‘rsatkichida 122 o‘rinni egallagan, biroq 2016 va 2017-yillar aksariyat ma’lumotlarning mavjud emasligi bois O‘zbekiston ro‘yxatga kiritilmagan.
Innovatsiya vazirligi mamlakatning hozirgi mavjud innovatsion rivojlanish holatining tahlili natijalarini inobatga olgan holda, jahon sahnasida raqobatbardoshligini oshirish uchun inson kapitalini mamlakatning innovatsion rivojlantirishda eng asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgiladi. Bu — barcha bosqichlardagi ta’limning sifatini oshirish va qamrovini kengaytirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kadrlarni tayyorlashdir. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, ilm-fan, ta’lim va biznesning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi mexanizmlarni ishlab chiqilishi talab etiladi.
Innovatsiyalarni moliyalashtirishning yangi shakllarini tatbiq etish, intellektual mulkka egalik huquqini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari natijalarini moliyalashtirishga ham mazkur Strategiya loyihasida alohida e’tibor qaratilgan.
Izoh (0)