O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari ochilishi kutilmoqda. Bu Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan “Nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasida belgilangan.

Foto: Google Images

Hujjat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan.

Unda nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shahslarga bir qator talablar belgilangan.

Ular quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlariga rioya qilish;

Nodavlat oliy ta’lim muassasasi va nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar boshqaruvi va o‘quv binolaridan egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi;

Yong‘in xavfsizligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari;

Umumiy o‘quv auditoriyalari (sinflar), o‘quv-texnik vositalar bilan jihozlangan o‘quv xonalari, umumnazariy va umumta’lim fanlari bo‘yicha laboratoriya xonalari, texnik va maxsus laboratoriya xonalari, kompyuter zallari (sinflari), chet tili darslari uchun lingafon kabinetlari, alohida kabinalarga ajratilgan fonozallari, kurs loyihasi va malakaviy bitiruv ishlarini bajarish zallari, axborot resurs markazi (kutubxona), sport zallari va maydonlari, majlislar zallari, rektorat, fakultet, kafedra, o‘quv va yordamchi bo‘limlar va hokazo joylarning normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi;

Xizmat ko‘rsatish va turar joy maydonlari: ovqatlanish joylari (oshxona, bufet), tibbiy xizmat ko‘rsatish joylari, talabalar turar joylarining normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi;

Ta’lim dasturlarini to‘liq amalga oshirish uchun muassasa binolari, auditoriya, o‘quv va laboratoriya xonalari hamda ularning zamonaviy talablarga mos axborot kommunikatsiya texnologiyalari hamda o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari, laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlanganligi;

Axborot-resurs markazi fondining belgilangan me’yorlar bo‘yicha talabalar soniga mos ravishda kerakli o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlanganligi. Bundan tashqari soha bo‘yicha ilmiy-ommabop nashrlar va normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamlariga obuna bo‘lganligi;

Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilarining ilmiy pedagogik salohiyati kamida respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lmasligi;

Ta’limning dunyoviy xarakterda bo‘lishi.