11-iyul sanasida futbol bo‘yicha Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tayotgan Jahon Chempionati yarim finalining ikkinchi juftlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: FIFA

Unda chorak finalda Rossiya hamda Shvetsiyani qolib ketishga majbur qilgan Xorvatiya hamda Angliya terma jamoalari o‘zaro bellashdi.

Mazkur o‘yin g‘olibi JCh—2018 g‘olibligi uchun final bahsida Fransiyaga qarshi kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritardi.

Uchrashuvda hisob 5-daqiqada ochildi. Kiran Trippyer jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda amalga oshirib, Angliyani oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida Ivan Perishich gol urib, hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taym esa 1:1 hisobida yakuniga yetdi.

Qo‘shimcha bo‘limlarning ikkinchisida Mario Manjukich gol kiritib, Xorvatiyaning finalga chiqishini ta’minladi.

Shu tariqa Xorvatiya 15-iyul sanasida final o‘yinida Fransiyaga qarshi kurash olib boradigan bo‘ldi. Bu Xorvatiya uchun birinchi Jahon Chempionati finalidir.

Angliya esa 3-o‘rin uchun “eski qadrdon”i Belgiya bilan bahsga kirishadi. Jamoalar guruh bosqichida ham bir-biriga duch kelgan edi. 3-o‘rin uchun bahs 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Jahon Chempionati

½ final bellashuvi

11-iyul, chorshanba

Xorvatiya — Angliya 2:1

Gollar: 0:1— 5 Trippyer, 1:1 68 Perishich, 2:1—109 Manjukich.

Xorvatiya: Subashich, Lovren, Strinich (Pivarich, 95), Vrsalko, Vida, Rakitich, Brozovich, Perishich, Modrich (Badel, 119), Rebich (Kramarich, 101), Manjukich (Chorluka, 115).

Angliya: Pikford, Uoker (Vardi, 112), Stounz, Yang (Rouz, 90), Maguayr, Alli, Lingard, Sterling (Reshford, 74), Henderson (Dayer, 97), Trippyer, Keyn.

Ogohlantirishlar: Manjukich (48), Uoker (54), Rebich (96).