“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan yangi strategik loyiha — “2018—2020 yillarda xotin-qizlar uchun biznes ta’lim tizimini takomillashtirish” dasturi ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Bugungi kunda O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligi rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri — ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar uchun biznes ta’limi tizimi samarasining pastligi. Xususan, ayollarning turmush tarzi, ularning ijtimoiy hayotdagi roli va milliy mentalitetga mutanosib yondashuvning yo‘qligi sababli ham taqdim etilayotgan biznes ta’limi kutilgan natijalarni bermayapti.

Ushbu muammoni hal etish uchun aynan xotin-qizlarga xos bo‘lgan tadbirkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturi, dasturdan keyingi qo‘llab-quvvatlash mexanizmini o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar majmuasidan iborat yaxlit tizim tashkil etish lozim.

Aynan shu chora-tadbirlar majmuasini o‘zida mujassam etgan ta’lim tizimi ish samarasini ta’minlaydi, yangi barqaror ish o‘rinlari yaratilishiga omil bo‘lib, ayniqsa, qishloq joylarda xotin-qizlarga xos bo‘lgan noxush ijtimoiy hodisalar ro‘y berishi oldini oladi, ayollarning hayotga qiziqishini orttirib, o‘z qobiliyatini namoyon qilishiga imkon beradi.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi o‘zining 27 yillik faoliyati davomida yuzlab biznes ta’lim dasturlarini amalga oshirdi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda katta tajriba maktabi yaratildi. Jamiyat xususiyatlari hisobga olingan kattalar uchun biznes ta’lim metodikasi ishlab chiqildi, malakali mahalliy biznes trenerlar tayyorlandi, ustozlar, ekspertlar guruhlari shakllandi. Eng muhimi, mahalliy xotin-qizlar tomonidan assotsiatsiyaning o‘quv dasturlariga ishonch paydo bo‘ldi.

Loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, 78 ming nafar xotin-qizga biznes asoslari bo‘yicha ko‘nikma va amaliy yordam beriladi, 50 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, qishloq joylarida qiyin ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlar ish bilan ta’minlanib, salohiyatlarini daromad keltiruvchi faoliyatga yo‘naltirish hisobiga ularga psixologik va iqtisodiy yordam ko‘rsatiladi.