Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining (hozirgi Qurolli Kuchlar akademiyasi) tashkil etilganiga 100 yil to‘lishi (1918-yil 12-iyulda tashkil topgan) munosabati bilan bugun, 11-iyun kuni “Oliy harbiy ta’lim muassasasining Qurolli Kuchlar va Vatan himoyasi uchun ofitser kadrlar tayyorlashdagi tarixiy hissasi” mavzusida xalqaro harbiy-ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tadbirda mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlarda istiqomat qiluvchi bilim yurtining bitiruvchi-faxriylari, O‘zbekistondagi xorijiy mamlakat elchixonalarining harbiy attashelari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faxriylari, harbiy xizmatchilar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov xalqaro anjuman ishtirokchilarini hamda faxriy mehmonlarni bilim yurti tarixidagi muhim sana bilan chin dildan muborakbod etdi.

“Ushbu dargohni bitirgan komandirlar 1941-yilda Moskva yaqinida bo‘lgan kurashda ulkan jasorat ko‘rsatgan, Kursk, Dnepr uchun bo‘lgan janglarda, shuningdek, Sharqiy Yevropa mamlakatlarini ozod etishda ulkan qahramonlikni namoyon etgan. Bugun Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining 100 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda ishtirok etayotganimdan xursandman”, — deya ta’kidlab o‘tdi mudofaa vaziri o‘z nutqida.

Xalqaro anjuman davomida mehmonlarga Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining 1941-yildagi bitiruvchisi, Rossiya harbiy fanlari akademiyasi prezidenti, nafaqadagi armiya generali Maxmut Gareyevning videotabrigi namoyish etildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Mazkur anjumanga tashrif buyurganimdan baxtiyorman. Oliy o‘quv yurtini 1991-yilda tamomlaganman. Bu yerda ko‘plab do‘stlar orttirganman. Bugun bo‘lib o‘tayotgan anjuman Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi degan umiddaman”, — deydi Rossiya Quruqlikdagi Qo‘shinlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Vasiliy Tonkoshkurov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, anjumanda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining tarixiga oid hujjatli film va bilim yurti tashkil topganligining 100 yilligiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida O‘zbekiston mudofaa vaziri bilim yurtining faxriy bitiruvchilariga tantanali ravishda yubiley ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda zamonaviy harbiy ta’lim muassasasi XX asr boshlarida paydo bo‘lgan. Chor hukumati, keyinchalik bolsheviklar o‘lkada o‘z siyosatini qaror toptirish, xonliklar va istiqlol kurashchilarini batamom yo‘q qilish maqsadida 1900 yil Toshkent kadetlar korpusi, 1915-yil praporshchiklar maktabi, 1918-yil Turkiston sovet qo‘mondonligi kurslarini tashkil etgan.

1920-yil 17-aprelidan o‘quv dasturiga o‘zbek tili fani ham kiritilgan.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganida bilim yurtida o‘qish muddati olti oy etib belgilangan. 1941-yil o‘qituvchi va kursantlardan iborat 34- va 35-o‘qchi brigadalari tashkil etilgan va urushga safarbar qilingan. Besh yilda 25 marta bitiruv marosimi o‘tkazilib, 8 mingdan ortiq ofitser frontga jo‘natilgan. Ularning 53 nafari qahramon unvoniga, mingdan ziyodi davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati