2018-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga kelgan turistlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravarga oshdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Sputnik

Joriy yilning olti oyida O‘zbekistonga 2 688 962 nafar xorijlik sayyohlar kelgan (91, 6 foiz o‘sish).

O‘zbekiston vizasiz rejim tartibini joriy etgan davlatlardan turistlar kelishi oshgan. Masalan, Turkiyadan 31 966 nafar turist kelgan bo‘lib, bu 2017-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 95,6 foizga ko‘p.

Shuningdek, Yaponiya (6200 kishi, 68,1 foiz), Isroil (3615 kishi, 86,2 foiz), Indoneziya (750 kishi, uch baravardan ko‘proq), Singapur (424 kishi, 2,5 baravardan ko‘proq) dan sayyohlar oqimi o‘sgan.

Qayd etish joizki, iyun oyida joriy yil may oyiga qadar biroz pasayish kuzatilgan Janubiy Koreya (57,5 foiz) va Malayziyadan (2,6 baravar) turistlar oqimi ham ko‘paydi.