“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida investitsiyaviy loyihalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmatiga tayanib, “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Bugungi kunda gidroelektr stansiyalarda yiliga 7 milliard kVt/soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu respublikada ishlab chiqarilayotgan energiyaning bor-yo‘g‘i 13 foizini tashkil etadi. Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatkichning juda pastligi, yaqin 3 yilda 12 ta yirik, o‘rta va kichik GES qurish evaziga uni 16 foizga yetkazish zarurligi aytib o‘tildi.
Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi 36 ta GESning 18 tasi tez orada modernizatsiya qilinishi zarurligi ta’kidlandi. Aytilishicha, GES uskunalari allaqachon eskirib bo‘lgan.
Joriy yilda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy qiymati 354,8 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 11 ta yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun 205,6 million AQSh dollari miqdorida chet el kreditlari jalb etiladi. Xarajatlarning qolgan qismi jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Izoh (0)