Crescent Rating kompaniyasining Master Card bilan hamkorlikda tuzgan reytingida halol turizm uchun eng qulay musulmon mamlakatlari ro‘yxatida O‘zbekiston 28-o‘rinni egalladi, deb yozmoqda O‘zA.
Ro‘yxatda Malayziya birinchi, BAA ikkinchi, Indoneziya uchinchi o‘rinni egallagan.
Dunyoda ziyorat turizmining yillik hajmi 151 milliard dollarga teng. Dunyodagi mehmonxona biznesi peshqadamlaridan biri — Rezidor Hotel Group kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida Halol turizm hajmi yiliga 20 foizdan oshib boradi.
Global to‘lov tizimining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri — Master Card kompaniyasining HalalTrip turistik portali bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotiga asosan, 2030-yilga borib, 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan dunyo yoshlarining uchdan birini musulmonlar tashkil etadi. Bugungi kunda bu yoshdagilar yiliga 2—5 marta, o‘rtacha 4—6 kunlik sayohatga chiqmoqda. 2025-yilga kelib, yosh musulmonlar dunyo bo‘ylab sayohatlar uchun yiliga 100 milliard dollardan ko‘proq miqdorda pul sarflashi bashorat qilinmoqda.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Isroil va Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz tashrif tartibi joriy etilgan. 51 ta mamlakat fuqarosi uchun vizalar rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi va muddati 2 ish kunigacha qisqartirildi. Toshkent xalqaro aeroporti xizmati Janubiy Koreyadan mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganib chiqildi va uning faoliyati tubdan o‘zgartirildi. Natijada sayyohlar O‘zbekiston aeroportlaridan chiqishga 4 barobar kam vaqt sarflaydigan bo‘ldi.
Izoh (0)