Joriy yilda Toshkent davlat agrar universitetini 16 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1360 nafar, 20 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 95 nafar bitiruvchi tamomladi. Bu bitiruvchilarning barchasi shartnoma asosida ishga joylashtirilgan bo‘lab, ularning qariyb 80 foizi qishloq xo‘jalik sohasida faoliyat yuritishlari ta’minlandi, deb yozadi O‘zA.
Bunday natijaga qanday erishilgani haqida Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan “Bitiruvchi-2018” tantanali taqdirlash marosimida ma’lum qilindi.
— Universitetimizda Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy makazi bilan hamkorlikda bitiruvchilar uchun “Biznes reja tuzish” o‘quv-seminar trening kurslari tashkil etildi, — deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botirjon Sulaymonov. — Trening yakunlari bo‘yicha ming nafardan ko‘proq talabaga qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z mutaxassisliklariga qo‘shimcha tarzda o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha sertifikat topshirildi. Bu sertifikatlar yordamida bitiruvchi talabalar “O‘simliklar klinikasi”, “Limon ko‘chatini yetishtirish”, “Intinsiv bog‘dorchilikni tashkil etish”, “Asalarichilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish”, “Baliqchilik maxsulotlarini ishlab chiqarish”, “Issiqxonalarda servis xizmat ko‘rsatish”, “Biogumus ishlab chiqarish” kabi ellikdan ziyod sohada tadbirkorlik qilishlari mumkin.
Tadbirda 4 yil mobaynida o‘zining a’lo baholari va namunali hulqi bilan boshqa talabalarga o‘rnak bo‘lgan bir guruh talabalar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)