Islandiyalik rassom boshchiligidagi xor qatnashchilari kitlar tovushlarini eslatuvchi kuy ijro qildi, deb yozmoqda National Geographic.
Kitlar uchun tovushlar muloqot qilishning eng muhim vositasi hisoblanadi. Negaki ularning suvda ko‘rish va hid sezish qobiliyatlari yaxshi rivojlanmagan. Shuning uchun, kitlar maxsus tovushlardan iborat tizimni o‘ylab topgan. Bu tizim takrorlanuvchi xushohang signallardan iborat. Kitlar asosan nikoh mavsumida kuylaydi.
Kitlarning tovush apparati qanday ishlashi to‘liq o‘rganilmagan. Biroq shunisi aniqki, ularning tovush apparati quruqlikda yashovchi hayvonlarnikidan butunlay farq qiladi.
Nafaqat mo‘ylovli, balki tishli kitlar, jumladan, delfinlar ham tovush chiqaradi. Odamlarning kuylash mexanizmi kitlarnikidan farq qiladi, shunga qaramasdan, odamlar kitlarning tovushlarini o‘xshatib berishga urinib ko‘rdi. G‘oya muallifi, islandiyalik rassom Marina Risning so‘zlariga qaraganda, loyihaning maqsadi o‘zini butunlay boshqa turdagi jonzot sifatida his qilib ko‘rishdan iborat.
Risning ko‘plab art-loyihalari ekologiya mavzusiga bag‘ishlangan. Jumladan, Buyuk Britaniyada yaqinda ish boshlaydigan ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarni Atlantikada yashovchi kitlar hayoti bilan tanishtiradi.
Ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rayotgan Mariya kitlarning kuylarini xor bilan repetitsiya qilmoqda. Har bir qatnashchi o‘zining ovoz tembridan kelib chiqqan holda dengiz hayvonlarining kuyini takrorlashga harakat qilgan.
Izoh (0)