Ayni damda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax taklifiga ko‘ra Shveysariyada bo‘lib turibdi. Bugun, 3-iyul kuni Lozannadagi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qarorgohida MOQ rahbari Tomas Bax bilan rasmiy uchrashuvda ishtirok etdi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ matbuot xizmati

Ahmadjonov uchrashuvda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tarkibida shu kungacha nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodan mutlaqo a’zo bo‘lmagani, shuning uchun XOQ Sessiyasida mintaqadan ham o‘z ovozi va saylash huquqiga ega a’zoni tarkibga kiritish masalasini ko‘targan. Tomas Bax esa o‘z navbatida XOQning 2019-yilgi umumiy yig‘ilishida Umid Ahmadjonov nomzodini Ijroiya Qo‘mita a’zoligiga taqdim etishga va’da bergan.

MOQ rahbari uchrashuv davomida Tomas Baxga XOQ shafeligi ostida kechadigan yangi musobaqalarni tashkil etish, bunday nufuzli musobaqaga Toshkent shahri mezbonlik qilishga tayyor ekanligi borasida taklif kiritgan. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari bunga javoban, 2019-yilgi XOQning marketing masalalariga bag‘ishlangan yirik anjumanini Toshkentda o‘tkazish niyati borligini ma’lum qilib o‘tgan. Tomas Bax sport sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisni O‘zbekistonga yuborishini ham ta’kidlab o‘tdi, deyiladi xabarda.

Lozannaga tashrif davomida MOQ rahbari “Olimpiya birdamligi” dasturi rahbari Pyer Miro, shuningdek, XOQning bir necha departament rahbarlari bilan ham uchrashib, hamkorlikda yangi loyihalar, seminar-treninglar o‘tkazish masalasida kelishuvga erishdi.