Tashqi savdo vazirligi mutaxassislari 2018-yilning 3 oyi davomida O‘zbekistonda yetishtirilgan o‘rik eksporti hajmi bo‘yicha ma’lumot berdi, deb yozmoqda UzDaily.
Shuningdek, vazirlik mutaxassislari East-fruit.com portali tahlilchilarining 2017-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston o‘rigining eksport hajmi kamaygani borasidagi xulosalariga izoh berdi.
“2018-yilning 3 oyi davomida meva-sabzavot, jumladan, o‘rikning eksport hajmi oshdi. O‘zbekiston 2018-yilning aprelidan iyuniga qadar 29760 tonna o‘rik eksport qilgan. Bu 2017-yil natijalaridan 9786 tonnaga ko‘proqdir”, — deydi vazirlikning eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Po‘lat Asrayev.
Vazirlik mutaxassislarining fikricha, 2017-yilda o‘rik eksporti hajmining pasayishi danakli meva daraxtlarining odatdagidan 20 kunga kechroq gullagani bilan bog‘liq. Ya’ni, o‘rik hosilga kirguniga qadar erta pishar mevalar baland narxlarda sotiladigan davr qo‘ldan boy berilgan. Natijada eksport uchun ajratiladigan meva hajmi kamaytirilgan va yetishtirilgan o‘rikning asosiy qismi ichki bozorga yo‘naltirilgan. O‘rik hosilining muayyan qismi tayyor mahsulot (jumladan, eksport uchun ham) ishlab chiqaruvchi korxonalarga sotilgan.
O‘rik eksporti ko‘rsatkichlari pasayishining boshqa sababi ham bor. 2017-yili Turkiya iqtisodiy sanksiyalar bekor qilingach Rossiyaga katta miqdorda meva eksport qilishni boshlagan. 2016-yili esa Turkiyadan Rossiyaga o‘rik eksport qilinmagan. Tabiiyki, bu omillarning barchasi eksport hajmiga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birgalikda, o‘rik eksportining so‘mdagi ko‘rsatkichlari 2018-yili o‘tgan yilgiga nisbatan 2,2 barobar oshgan. O‘zbekiston 2018-yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari, Latviya, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiyaga o‘rik eksport qilgan.
Izoh (0)