Oldin xabar qilinganidek, Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston soliq siyosatining yangi konsepsiyasi” mavzusida Xalqaro press-klub yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat soliq qo‘mitasi Begzod Musayev chiqish qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
“Bir yil oldin, 2017-yilning 18-iyulida Shavkat Mirziyoyevning farmoyishi bilan alohida ishchi guruhi tashkil qilinib, soliq tizimini islohot qilish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Prezident har yig‘ilishda yetti o‘lchab bir kesish kerakligini, eng asosiysi adolat bilan ish ko‘rish zarurligini eslatib keldi”, — dedi Begzod Musayev.
“Respublikada ikkita soliq prinsipi bor. Ya’ni ikki turdagi yuridik shaxslar soliq to‘lovini amalga oshiradi: belgilangan soliqni to‘lovchilar va yengillashtirilgan yagona soliqni to‘lovchilar. Yagona soliq tizimi 2005-yilda amalga kiritilgan bo‘lib, unda faqatgina bitta mezon qo‘yilgandi: 50 nafargacha ishchi o‘rni yaratganlarga yengillashtirilgan, 5 foizgacha soliq to‘lash imkoniyati berilgandi. Bora-bora 2011-yilda ishchi soni 100 nafargacha, 2014-yilda esa 200 nafargacha ko‘tarildi.
Buning natijasida ish beruvchilar autsorsing, ya’ni kam xarajat qilish evaziga soliqni bekitgan holda maosh to‘lash, konvert usulida maosh berishni yo‘lga qo‘ydi.
Yangi tizimga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish, birinchidan, narxning oshishiga olib kelmaydi. Ikkinchidan, soliq yukini ham oshishiga sabab bo‘lmaydi”, — dedi Soliq qo‘mitasi rahbari.
“Hozir oldimizda turgan asosiy vazifa soliq to‘lovchiga yengil, sodda tizim yaratib berishdir. Ya’ni bu jarayonni avtomatlashtirgan holda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining elektron tizimini yaratish yo‘lga qo‘yiladi”, — ta’kidladi Begzod Musayev.
Izoh (0)