Namangan viloyati Norin tumanida respublika 3-ishchi guruhi tomonidan “Polvonqo‘l”, “Shahidmozor”, “Sho‘rariq” va “Qozoqovul” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ijtimoiy-ma’naviy holat atroflicha o‘rganildi. 2300 xonadonda 12 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. 1 920 xonadonga kirilganda 1 139 ta muammo qayd etilgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Laziz Rahmatov xabar bermoqda.
O‘rganishlar chog‘ida yo‘llarning ahvoli anchayin tangligi oydinlashdi. “Polvonqo‘l” mahallasida “Oybek” va “Zulfiya” ko‘chalarining jami 9 kilometrlik, “Shahidmozor” mahallasida esa “A.Navoiy”, “J.Turg‘unov”, “Mustaqillik” va “O‘zbekiston” ko‘chalarining 5,5 kilometrlik, “Sho‘rariq” mahallasida “Istiqlol”, “Qo‘shchinor”, “Mustaqillik”, “Yuksalish” ko‘chalarining 7,5 kilometrlik, “Qozoqovul” mahallasining “K.Isaqov” va “M.Hasanov” ko‘chalarining 1,8 kilometrlik qismini shag‘allashtirish va asfalt qoplama qilish lozimligi aniqlandi. Shag‘allashtirish ishlari darhol boshlab yuborildi, shundan keyin asfalt yotqizishga o‘tiladi.
“Polvonqo‘l”dagi “Oybek” ko‘chasiga 2 kilometr, “Zulfiya” ko‘chasiga 3 kilometr, “Shahidmozor” mahallasidagi “A.Navoiy” ko‘chasiga 2 kilometr, “Mustaqillik” ko‘chasiga 500 metr, “Sho‘rariq” mahallasidagi “Qo‘shchinor” va “Mustaqillik” ko‘chalariga 600 metr, “Qozoqovul”dagi “M.Hasanov” ko‘chasiga 500 metrga teng yuzga yaqin temir-beton tayanchlar o‘rnatish va elektr tarmoqlarini tortish lozim.
“Qozoqovul” va “Sho‘rariq” mahallalari aholisi soni ko‘payganligi va yangi tomorqalarga ko‘chib chiqqani sababli “M.Hasanov” ko‘chasiga o‘rnatilgan yangi transformatorni ehtiyot qismlari bilan to‘liq ta’mirlash, “Istiqlol”, “Yangi hayot” va “Obod diyor” ko‘chalarida yangi transformator punktini o‘rnatish kerak.
Ushbu muammolar yechimi bo‘yicha aniq ishlar boshlab yuborilgan, ularni imkon qadar joyida hal qilishga harakat qilinmoqda. Muayyan vaqt talab qiladigan yirik muammolar esa “Yo‘l xaritalari”ga kiritilmoqda.
Izoh (0)