O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Harbiy qismlarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish va ularni yuksak saviyada adabiyotlar bilan ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Oliy Majlis senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda senat a’zolari, tegishli vazirliklar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda harbiy qismlarda o‘z xizmat burchini o‘tayotgan yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri, dunyoqarashini yuksaltirish, ular qalbida o‘z Vatani, xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oliy Majlis senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Xalq shoiri Iqbol Mirzaaliyev, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya vakillari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari o‘zlarining bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Izoh (0)