Quyoshda qayd etilgan chaqnashlarning eng kuchlisi bundan 159 yil avval yuz bergan, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru. Agar shunday kuchli chaqnash takrorlansa, insoniyatga ulkan zarar yetib, geomagnit bo‘roni sun’iy yo‘ldoshlarni, yer ustidagi radioelektronikani ishdan chiqargan bo‘lardi, bu esa zamonaviy dunyo uchun haqiqiy falokatga aylangan bo‘lardi.

Foto: NASA

1859-yilda kuzatilgan kuchli chaqnash uni tavsiflab bergan britaniyalik olimning sharafiga “Kerrington voqeasi” deb atalgan. O‘shanda ikki kun mobaynida avvallari hech kuzatilmagan joylarda shimol yog‘dusi ko‘ringan, telegraf ishlamay qolgan, operatorlarni tok urgan, elektr tarmog‘iga ulangan qurilmalar tarmoqdan uzilganidan keyin ham ishlashda davom etgan. Chaqnash Yer magnitosferasidagi tebranishlarni ham keltirib chiqargan.

Bunday hodisa hozir yuz bersa, sun’iy yo‘ldoshlar ishlamay qolishi, GPS, mobil aloqa yo‘qolishi, internet bilan muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Xalqaro kosmik stansiyaning Yer bilan aloqasi uziladi, uning ekipaji esa radiatsiya tufayli xavf ostida qolishi mumkin.

Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday chaqnash dunyo iqtisodiyotiga 30—70 milliard dollar zarar yetkazadi, jami zararlar hajmi esa 2 trillion dollarga yetadi. Qayta tiklash ishlariga o‘nlab yillar talab etiladi.