Belarusning “BelAZ” xoldingi 2020—2023-yillarda O‘zbekistonga samosvallar yetkazib beradi, deb xabar beradi Sputnik.

Foto: Sputnik

Kompaniya bosh direktori Petr Parxomchikning ma’lum qilishicha, 2017—2018-yillar uchun 260 dona og‘ir karyer samosvallari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, shartnoma 70 foizga bajarildi.

Belarus o‘tgan yili O‘zbekistonga 106 texnika yetkazib bergan bo‘lsa, joriy yilning yanvaridan may oyiga qadar 64 dona texnika yetkazildi.

Iyun oyida O‘zbekistonga Belarus delegatsiyasi tashrif buyurdi. Belarus bosh vaziri Andrey Kobyakov o‘zaro savdo hajmini oshirishni taklif qildi va ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuqori baholadi.

Minsk Toshkent bilan paxta tolasi, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, yong‘oq, sut, go‘sht mahsulotlari yetkazib berishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, mamlakatlar hamkorlikda farmatsevtika va qandolat korxonalari ochishni rejalashtirmoqda.

Shu yilning sentabr oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga tashrif buyuradi.