“Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq 2018-yil 1-avgustdan boshlab alohida toifadagi tadbirkorlik subyektlariga quyidagi imtiyozlar berildi:
- davlat mulki obyektlarini “nol” qiymatda sotish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov savdolarida bitim tuzish bo‘yicha ustuvorlik huquqi;
- davlat mulki obyekti uchun ijara to‘lovini eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lash.
Mazkur preferensiyalarni qo‘llash tartibi Moliya vazirligi tomonidan bir oy muddatda ishlab chiqilib tasdiqlanadi.
2018-yil 1-avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi.
2018-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari holatini yaxshilash va ularga biriktirilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlardan iborat “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Izoh (0)