Toshkent aeroportida yo‘lovchilarning mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishi tartibi sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning koordinatsiya va AKTni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Xudoyberdiyevning ICTNews jurnaliga bergan intervyusiga tayanib, Spot xabar bermoqda.
Xudoyberdiyevning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda ayrim tashkiliy va normativ qiyinchiliklar tufayli, shuningdek, xalqaro terminal (o‘tgan asrning 70-yillarida mahalliy reyslarga xizmat ko‘rsatish uchun qurilgan) hududini kengaytirishning iloji yo‘qligi sababli kompaniya o‘z mijozlariga onlayn-registratsiya yoki mustaqil ravishda rasmiylashtirish va yukni topshirish bilan bog‘liq xizmatlarni taqdim qila olmaydi.
“Milliy aviakompaniya hozirda bu tizimlarni joriy qilish ustida ish boshlagan. Yaqin orada biz yo‘lovchilarning reysga ro‘yxatdan o‘tishini tezlashtirish imkonini beradigan mexanizmlarni tatbiq qilmoqchimiz”, — deydi Xudoyberdiyev.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda MAK bir qancha variantlarni ko‘rib chiqmoqda: onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy qilish va mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tish terminallari ishga tushirilishiga qadar QR-kod texnologiyalarini tatbiq qilish.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning barcha aeroportlarida Wi-Fi zonalari tashkil qilinadi. Shuningdek, mahalliy SIM-kartalar sotish yo‘lga qo‘yiladi va taksi chaqirish xizmati taqdim qilinadi.
Izoh (0)