Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudining Jizzax shahrining “Jizzaxlik” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida muqaddam to‘qqiz marta firibgarlik jinoyati bilan sudlangan A.U. o‘ninchi marta ushbu ish bo‘yicha jazolandi, deb yozadi O‘zA.
Bu safar u Jizzax shahar “Zilol” mahallasi hududida birovlarga tegishli bo‘lgan har biri 6 sotixdan 2 ta yer uchastkasini boshqa birovlarga sotib yubordi. Savdolashishda oldi-sotdi hujjatlarini rasmiylashtirib berishni zimmasiga olgan A.U. bu ishning ham uddasidan chiqdi. Xaridorlarning qo‘liga o‘zi kompyuterda tayyorlagan soxta hujjatlarni tutqazib, 15 million so‘m pulni oldi.
Albatta, yer uchastkasi oldi-sotdisidek ancha murakkab ish “Ibrat Rieltor Servis” MChJda mutaxassis bo‘lib ishlovchi E.K. va muqaddam sudlangan A.S. yordam bermaganida amalga oshmasligi ham mumkin edi. Biroq firibgarlar to‘dasi har qancha harakat qilmasin, jinoyat biribir ochildi.
Sud jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan jami 16 500 000 so‘mlik moddiy zarar to‘liq qoplanganligini inobatga olib, A.U.ga uch yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. Uning ikki sherigiga ham qonuniy jazo qo‘llandi.
Izoh (0)