Farg‘ona viloyatining 15 tumanida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Dastur doirasida barcha manbalar hisobidan jami 163,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi, deb yozadi O‘zA.
Farg‘ona tumanidagi Mindonobod qishlog‘ining 916 xonadonida istiqomat qilayotgan 4 ming 176 nafar aholi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Kishilar yashash turmush tarzini yanada yaxshilash puxta ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga asosan olib borilmoqda. O‘nta tashkilot mas’ul etib belgilangan bu xaritada jami 6 milliard 110,2 million so‘mlik ish bajarilishi ko‘zda tutilgan. Dastur asosida qishloqda zamonaviy maktab binosi, oilaviy poliklinika va uchta maktabgacha ta’lim muassasasi yangitdan quriladi.
Madadkor va Baynalmilal ko‘chalaridagi ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilmoqda. Mahalla ahli uchun jiddiy muammo bo‘lib kelayotgan bu masalani hal etish uchun yetti kilometr yo‘lni joriy ta’mirlashga 491 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
“Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida ham dastur asosida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yo‘l xaritasi”dagi chora-tadbirlar tufayli, avvalo, Marg‘ilon ko‘chasidagi xonadonlarning aksariyatida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. 135 xonadonning fasad qismi ta’mirlanib, uch kilometrlik suv tarmog‘i tortilmoqda. Ayni paytda mahallaning Tinchlik, Maydon, Xurram, Ilg‘or, Davr, Alisher Navoiy ko‘chalarida yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Oltiariq tumanining Poloson va Tinchlik qishloqlaridagi xonadonlar tom qismi yangilandi, 444 xonadonning fasad qismi va 384 darvoza bo‘yaldi. Mazkur hududlarning sakkiz kilometr qismidagi yog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirildi. 360 dona ko‘cha chirog‘i o‘rnatildi, 11 transformator ta’mirlandi.
Ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 5,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, uchta suv minorasi ta’mirlandi. Hududdagi qishloqlar aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi 100 o‘rinli 89-qishloq oilaviy poliklinikasi ham qayta rekonstruksiya qilindi.
Tinchlik shaharchasidagi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tasarrufidagi madaniyat saroyi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Madaniyat saroyi sahnida tez kunlarda bolalar attraksionlari, shuningdek, kichik dehqon bozorchasi, maishiy xizmat obyektlari, kitob do‘koni, internet markazi foydalanishga topshiriladi.
Izoh (0)