Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasida so‘roq jarayonini stenografiya usulida yozib olish, videokuzatuv, shuningdek, audio va video qayd etish tizimi bilan jihozlangan maxsus tergov xonalari tashkil qilindi. Bu haqda “Daryo”ning Farg‘onadagi muxbiri xabar berdi.
Operator xonasi hamda gumon qilinuvchi va ayblanuvchi so‘roq qilinadigan xona o‘rtasida Gezell oynasi o‘rnatilgan. Maxsus xonalarda so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanish, masofadan turib videokonferens aloqa tizimida tergov olib borish imkoni mavjud.
Tergov xonalaridan biri voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bolalar hayajon va qo‘rquvga tushmasligi uchun o‘yinchoqlar, rasmlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlangan. Bu xonada jinoyatdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlar so‘roq qilinadi. So‘roq davomida tergovchilarga psixologlar yordam beradi.
Loyiha Prezidentning “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
“Bu turdagi maxsus xonalar qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq o‘tkazish, shuningdek, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki kamsituvchi muomala kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etadi” – deydi katta tergovchi, mayor Nuriddin Muhsinov.
Gezell oynasi bilan ajratilgan maxsus xonalar gumon qilinuvchining jabrlanuvchi va guvohlar, jumladan, bolalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini chegaralagan holda tergov qilish imkonini yaratadi. Bu esa jinoyat ishining voyaga yetmagan ishtirokchilariga qaytadan ruhiy jarohat yetkazmaslikda muhim sanaladi.
Eslatib o‘tamiz Surxondaryo IIBda maxsus tergov kompleksi tashkil qilinganligi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)