Bugun, 6-iyun sanasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov Yaponiyada 2020-yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi va mamlakat sport assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Yaponiya vakillar palatasi a’zosi Toshiaki Endo bilan uchrashdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv davomida tomonlar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tashkiliy va boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashgan.
MOQ rahbari suhbat davomida Toshiaki Endodan o‘yinlar boshlanishiga yaqin mamlakat iqlimiga, mahalliy shart-sharoitga moslashish maqsadida o‘zbekistonlik sportchilar uchun Yaponiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil qilib berish borasida amaliy yordam ko‘rsatishini so‘ragan.
Qayd etilishicha, Tokioga safari davomida Ahmadjonov Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Sunekadzu Takeda bilan ham uchrashadi.
Umid Ahmadjonov Yaponiyadan to‘g‘ri Rossiya poytaxti Moskva shahriga yo‘l oladi. U yerda FIFA Kongressida ishtirok etib, futbol bo‘yicha Jahon Chempionatining ochilish uchrashuvi – Rossiya—Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni “Lujniki” stadionining martabali mehmonlar lojasidan tomosha qiladi, deyiladi xabarda.