Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi Malayziya integrallashgan biznes kolleji rahbariyati bilan O‘zbekistonda xalqaro kollej ochish masalasida muzokara olib bormoqda. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Olib borilayotgan muzokaralardan maqsad O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida turizm, restoran boshqaruvi, molekulyar gastronomiya va kulinariya kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan xalqaro kollej tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishdir.
Markaz rahbari bilan uchrashuv jarayonida S.Viravikneshvar Buyuk Britaniya, Avstraliya standartlari asosida ta’lim berishni nazarda tutuvchi xalqaro kollej tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 million AQSh dollarigacha miqdorda investitsiya kiritish majburiyatini olishini ma’lum qildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, Kasb-hunar ta’limi markazi va Malayziya integrallashgan biznes kolleji o‘rtasida hamkorlikni boshlashga doir anglashuv memorandumi imzoladi.
Malayziya integrallashgan biznes kolleji 1987-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Malayziya kulinariya instituti tarkibiga kiradi. Mazkur kollej Janubiy-Sharqiy Osiyoda birinchi kulinariya maktabi hisoblanadi va MDH davlatlarida analogi mavjud emas.