Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasida yashovchi Zinatullinlar oilasi ichki ishlar vaziriligi respublika muzeyiga eski Jinoyat kodeksini topshirdi. Oilaning bir nechta avlodi uni Qur‘on deb hisoblab kelgan. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu kitob RSFSRning 1926-yildagi arab tilida yozilgan Jinoyat kodeksi bo‘lgan.
Rafiya Zinatullinaning so‘zlariga ko‘ra, uning onasi kitobni muqaddas deb atagan va uni mato bilan o‘rab, saqlashni tayinlagan. Ayolning qarindoshlari ham bolalar “tinch bo‘lishi va injiq bo‘lmasligi” uchun kitobni ularning yostiqlari tagiga qo‘yishni maslahat bergan.