Surxondaryo viloyatida joriy mavsumda 5 ming 100 tonna arzon va sifatli baliq mahsuloti yetishtirish mo‘ljallanmoqda, deb yozadi O‘zA.
“Surxondaryobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi mavsumda viloyatdagi 230 baliqchilik xo‘jaligidagi sun’iy suv havzalarida 2 ming 527 tonna, yetti baliqchilik xo‘jaligida 1 ming 453 tonna baliq yetishtiriladi. Ikkita baliqchilik xo‘jaligi Vyetnam texnologiyasi asosida barpo etayotgan 6 gektar kichik suv havzalaridan 600 tonna, bitta yopiq suv aylanma tizimidan 300 tonna hamda 570 gektar sholi maydonlaridan 220 tonna baliq mahsulotlari olinadi.
“Ishchi guruhi tashkil etilib, joylardagi baliqchilik xo‘jaliklarini inventarizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Baliqchilik loyihalarini ishga tushirish istagi bo‘lgan tashabbuskorlar taklifi o‘rganilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Dasturga muvofiq, bu yil viloyatda 470 gektar yangi sun’iy ko‘llar barpo etish ko‘zda tutilgan. Hozirgacha Jarqo‘rg‘on tumanida 33,8, Muzrabot tumanida 18,1, Sho‘rchi tumanida 10,6, Qiziriq tumanida 6,5 gektar yer ajratildi”, — deydi “Surxondaryobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rinbosari F.Sattarov.
Viloyatda inkubatsiya sexlari tashkil etib, baliq chavoqlari ishlab chiqarish yo‘lida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda “Surxon Agro Fish prom KO” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yillik quvvati 50 million dona bo‘lgan inkubatsiya sexida qurilish ishlari olib borilmoqda. “Karp havzasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yillik quvvati 50 million dona bo‘lgan inkubatsiya sexi ta’mirlanib, ishga tushirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mavsumda mavjud 5 ming 17 gektar tabiiy suv havzalarini 510 ming dona baliq chavoqlari bilan baliqlantirish belgilangan. O‘tgan davrda 3 ming gektardan ortiq suv havzasiga baliq chavog‘i tashlandi. 1 ming 113 gektar sun’iy suv havzalarining ming gektarga yaqin maydoni 2 million 500 donadan ortiq baliq chavog‘i bilan baliqlantirildi.
Izoh (0)