Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida 5-iyun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Ekologik harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi qator tashkilotlar bilan birga tashkil qilgan tadbirda parlament a’zolari, Ekoharakat faollari, diplomatik korpus vakillari, ota-onalar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik harakati, Xalq ta’limi vazirligi va “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Onajonim tabiat” ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda tabiat manzaralari aks etuvchi 100 ga yaqin insho, she’r va rasmlar orasidan saralab olingan ijodiy ishlar mualliflariga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Iqlim o‘zgarishlari natijasida yuz berayotgan tabiiy ofatlarning oldini olish, salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida Ekoharakat qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtlari talabalari va magistrlari o‘rtasida “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya” tanlovini o‘tkazdi. Tadbir doirasida ushbu tanlov g‘oliblari ham taqdirlandi.
Bayram tadbirida XVI Respublika ekojurnalistika tanlovi “Suv — bu hayot” g‘oyasi bo‘yicha hamda O‘zbekiston Ekologik harakati, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Medical express ixtisoslashgan tibbiy ilmiy-amaliy, ijtimoiy reklama yo‘nalishidagi nashri hamkorligida “Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot va ekologiya” ijodiy tanlovlari g‘oliblari e’lon qilindi. Tashkilotchilar tomonidan ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)