30-may kuni Rossiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Moskva shahrida “Primakov o‘quvlari” xalqaro forum ishida ishtirok etish doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston TIV rahbari jahonda e’tirof etilgan ilmiy-ekspertlik maydonidan biri va yirik olim-sharqshunos, Rossiyaning atoqli davlat va jamoat arbobi, sobiq bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri xotirasiga bag‘ishlangan forumning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi bilan Lavrovni tabrikladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya kun tartibidagi bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Avvalo, Toshkent shahrida kuz oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin uchrashuvi kun tartibi yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi ittifoqlik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, unga aniq va uzoq muddatli tus berish uchun alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, vazirlar tomonidan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Izoh (0)