Sog‘liqni saqlash va tibbiyot yo‘nalishining oftalmologiya sohasida ham davr talabiga mos xalqaro hamjamiyat tajribasini o‘rganish va ilmiy-amaliy tajriba almashinish maqsadida 25–27-may kunlari “Katarakta va refraktiv jarrohlik” mavzuida uch kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada 300 dan ortiq qatnashuvchilar bo‘lib, ularning ichida 145 dan ortiq xorijlik mutaxassislar — dunyoning eng yetakchi davlatlari tibbiyot institutlari va klinikalaridan tashrif buyurgan shifokor-oftalmologlar bor.
Konferensiya kun tartibida oftalmologiyaning katarakta va refraktiv jarrohlik yo‘nalishida qo‘lga kiritilgan yutuqlari, dolzarb muammolar va ularning yechimlari hamda mutaxassis ish faoliyatida kuzatiladigan noyob holatlar haqida muhokamalar o‘rin olgan edi.
Uch kun mobaynida jami 80 ga yaqin ma’ruzalar tinglandi. Tadbirning ikkinchi kunida xorijlik mutaxassislar tarafidan og‘ir holatli bemorlarga ko‘z mikrojarrohlik amaliyotlari amalga oshirilib, ular konferensiya qatnashuvchilariga onlayn tarzda translyatsiya qilindi. Bunday amaliyot O‘zbekistonda birinchi marta bajarildi.
Ilmiy-amaliy konferensiya tashkilotchilari sifatida Turkiya tarafidan “Turkiy davlatlar oftalmologlari jamiyati”, TIKA, O‘zbekiston tarafidan esa Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy ko‘z mikrojarrohlik markazi ishtirok etdi.
Shuningdek, homiy va hamkor shirkatlar sifatida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “Nazar” ko‘z klinikasi hamda farmatsevtik kompaniyalari moliyaviy, tashkiliy masalalarda o‘zlarining beg‘araz yordam va hissalarini qo‘shdi.
Izoh (0)