17-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining Boysun tumanida ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Jasur Xudoyberdiyev raisligidagi sudda xotini va qaynsinglisini pichoqlagan U.A.ning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi U.A. 1986-yilda Termizda tug‘ilgan, tojik millatiga mansub, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, vaqtincha ishsiz, oilali, 1 nafar farzandi bor. U 2006—2016-yillar oralig‘ida qasddan badanga shikast yetkazish, o‘g‘rilik va haqorat qilish moddalari bo‘yicha olti marta jinoyat sodir etgan. Ulardan beshtasida tomonlarning yarashganligi yoki amnistiya aktiga binoan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

U.A. 2016-yilda 1986-yilda tug‘ilgan Sh.A. bilan turmush qurgan. Ular turli arzimagan narsalardan janjallashib yurgan. Ular farzandli bo‘lganidan keyin ham janjallar to‘xtamaydi. Sh.A. shaharda yashay olmasligini aytib Boysun tumanidagi onasining uyiga keladi. 2018-yil mart oyining boshida U.A. ham qaynonasining uyiga kelib, xotini bilan yashay boshlaydi. 8-mart kuni U.A. xotiniga “bayramni birga nishonlaymiz”, deb aytib, spirtli ichimliklar sotib oladi. U.A.ning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u xotini bilan birga spirtli ichimlik iste’mol qiladi, keyin esa uxlab qoladi. Soat 22:00 ga yaqin uydagi shovqindan uyg‘onib ketadi. Xotini Sh.A. qaynonasi G.M. va qaynsinglisi S.M. bilan tortishayotganini ko‘radi. Biroz o‘tgach uning o‘zi rafiqasi bilan tortishib qoladi. Ikkisi ham xona ichida gilamning ustida turgan osh pichoqni olishga harakat qilib, pichoqni ikki qo‘llari bilan ushlab tortishadi. U.A. Sh.A.ning qo‘lidan pichoqni tortib olmoqchi bo‘lgan vaqtida, osh pichoqning uch qismi uning ko‘krak qafasi o‘rta qismiga bir marotaba bexosdan sanchilib ketgan. Keyin U.A. xotinining qo‘lidan pichoqni olib, tashqariga yugurib chiqayotganida eshik oldida turgan qaynsinglisi S.M.ni turtib yuboradi va qo‘lidagi pichoqning uch qismi S.M.ga tegib ketadi.

12-mart kuni Ichki ishlar vazirligi saytida ushbu jinoyat haqida xabar berildi. Unda U.A. janjal vaqtida xotinining, keyin esa ularni ajratmoqchi bo‘lgan qaynsinglisining ko‘kragiga pichoq bilan urib jarohat yetkazgani yozilgandi. Opa-singillar kasalxonaga yotqizilib, U.A. qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.

Sh.A.ning suddagi ko‘rsatmalari IIV saytida e’lon qilingan xabarda berilgan ma’lumotlarga yaqin. Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i U.A. bilan 23:00 ga yaqin janjallashib qolgan va unga “Siz bilan boshqa yashamayman” deb aytgan. U.A. xotinini urib, pichoq bilan ayolining ko‘krak qafasi o‘rta tomoniga bir marotaba sanchgan, ikkinchi marotaba pichoqni sanchmoqchi bo‘lgan vaqtida Sh.A. ikkala qo‘li bilan pichoqni keskir joyini ushlab qolgan. Xonaga singlisi S.M. kirib, “Nima sababdan janjallashiyapsizlar” deb aytganida, turmush o‘rtog‘i U.A. o‘rnidan turib yugurib tashqariga chiqib ketgan. Shundan so‘ng onasi tez yordam chaqirgan.

Boysun tuman STEBning xulosasiga ko‘ra, Sh.A.ning badanidagi o‘ng tomonlama ko‘krak qafasi sanchilib kiruvchi jarohati, postravmatik va postgemarogik shokning o‘rta darajasi, chap qo‘l birinchi barmoq va o‘ng qo‘l birinchi va ikkinchi barmoq ichki sohasidagi kesilgan jarohati, bosh ensa sohasidagi yumshoq to‘qimalarining ezilishi kabi tan jarohatlari o‘tkir kesuvchi jism ta’siri natijasida kelib chiqqan bo‘lib, hayot uchun havfli bo‘lgan og‘ir shikastlanish ekanligi aniqlangan.

U.A. voqea sodir bo‘lgan kun mast holatda bo‘lgani, turmush o‘rtog‘i va qaynsinglisiga pichoq bilan tan jarohati yetkazganida ularni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini, turmush o‘rtog‘i bilan tortishib turgan vaqtida bexosdan pichoq sanchilganligi, qilgan ishidan pushaymonligini, oilaviy sharoiti og‘irligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, nafaqadagi yolg‘iz onasi borligini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni suddan so‘radi.

Sh.A. turmush o‘rtog‘i U.A. undan kechirim so‘raganini, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini, unga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, unga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Sud sudlanuvchi U.A.ning aybiga iqror va pushaymonligini, jabrlanuvchining da’vosi yuqligini yengillashtiruvchi holatlar, mast xolatda jinoyat sodir etganligini jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topdi.

Sud U.A.ga Jinoyad Kodeksining 104-moddasining 1-qismi bilan 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shu tayinlanayotgan asosiy jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish va qayta tarbiyalash mumkin degan qat’iy fikrga kelib, JKning 72-moddasiga asosan shartli hukm qilib, U.A.ga nisbatan 1 (bir) yil sinov muddati belgiladi. U.A.ning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.

Sud hukmida, shuningdek, Boysun tuman IIB ashyoviy dalillarni saqlash xonasida saqlanayotgan Sh.A.ga tegishli 1 dona ko‘ylak, S.M.ga tegishli 1 dona ko‘ylak egalariga qaytarilishi, voqea joyidan olingan 1 dona xo‘jalik pichog‘i yo‘q qilinishi belgilab qo‘yildi.